Kelajak egalariga ehtirom: TerDUda olimpiada g‘oliblari taqdirlandi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 562-sonli qarori, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 8-sentyabrdagi 383-sonli buyrug‘i hamda Termiz davlat universiteti rektorining 2025-yil 29-apreldagi 69-U-sonli buyrug‘i asosida Biologiya, Kimyo, Fizika hamda Informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha Termiz davlat universiteti olimpiadasining viloyat bosqichi o‘tkazilgan edi.
👉 Havola
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, tanlovning tuman va shahar bosqichlarida jami 3000 nafarga yaqin umumta’lim maktablari bitiruvchilari ishtirok etdi. Shulardan 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan 181 nafar o‘quvchi orasidan esa 12 nafari muddatidan oldin TerDU talabasi bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldi.
Rektorimiz ishtirokida tashkil etilgan tantanali tadbirda o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari faol qatnashdilar. A. Toshqulov kelajak uchun sarflangan sarmoya mahsulini ko‘rishdek baxtni his qilayotgan ota-onalarga chuqur minnatdorchiligini bildirib, yoshlar zimmasidagi mas’uliyatni uqtirdi. Rektorimiz TerDUda nafaqat bilim berilishi, balki kelajak yaratilishiga xizmat qiluvchi maqsad va muddaolar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Samimiy muloqotlar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va esdalik sovg‘alari ulashildi.
🏅 Faxr bilan ta’kidlaymizki, ushbu olimpiadada G‘aybullayev Annurbek Informatika fanidan faxrli 1-o‘rinni egalladi. Uning bilim va intilishi yuqori baholandi va u TerDU jamoasi e’tiboriga tushdi.